Delfinlar

Delfinlar – dengiz va okeanlarning eng ajoyib jonzotlaridan biridir. Ular juda aqlli va do‘stona jonivorlar. Delfinlar cho‘kayotgan odamni qutqargan holatlar bo‘lgan. Ular hech qachon o‘zlarini dushman tutishmaydi va o‘rgatishga oson berilishadi. Turli xatti-harakatlarni tez o‘rganishadi. Delfin xatti-harakatni yaxshi o‘zlashtirib olishi uchun to‘g‘ri bajarilgan vazifaga baliqcha berish kerak.

 Odamlar ba’zan suv yuzasida delfinning tumshuqchasini ko‘rib qolishlari mumkin. Axir delfinlar havodan nafas oladilar. Boshqa suv jonzotlariga o‘xshab ularning jabralari yo‘q. Shu tufayli delfin hech qachon to‘liq uxlay olmaydi. U vaqt-vaqti bilan nafas olish uchun suv yuzasiga chiqishi kerak.

Delfinlar qarindoshlari bilan gala bo‘lib yashashadi. O‘zaro yordam ularda yaxshi rivojlangan. Agardel fin charchab, suv yuzasida tura olmasa, boshqalari uni ko‘tarib turishadi.

Delfinlar o‘zaro imo-ishora va hushtak yordamida muloqot qilishadi. Ular bir-birlariga dumlari, boshlari, suzgich qanotlari bilan ishora qiladilar. Olimlar 32 xil hushtak turini sanashgan. Bu bilan delfin xavotir, og‘riq yoki qarshilashni bildirishi mumkin. Shuningdek, olimlar har bir delfinning ismi borligini va qardoshlari chaqirganda qarashlarini aniqladilar. Bu ism delfin tug‘ilganda beriladi va ma'lum hushtak ovozini anglatadi.