Ayiqlar qishda uxlaydimi?

Ayiqlar qishda uxlaydimi

 

Ayiqlar qish faslida uyquga ketishi haqida eshitgansiz-a? Lekin nima uchunligini bilasizmi? Ayiqning bir qoidasi bor. U  qishki uyquga ketishdan avval to‘yib ovqatlanishi shart. Bo‘lmasam u uxlay olmay, o‘rmonda yemish qidirib yuradi. Qanday yemish deysizmi? Hozir bilib olamiz.

Ayiqlar kedr daraxtining yong‘og‘ini sevib tanavvul qiladi. Erinchoq polvon yong‘oqlarni asosan yerga to‘kilganlarini uyib olib, oyog‘i bilan chaqadi. Endi esa, “baqaloq” jonivor, yerga yotib olib, tili bilan chaqilgan yong‘oqlarni terib oladi. Juda aqlli-a? Lekin o‘rmondagi boshqa “do‘stlari”ning ham nasibasiga ko‘z olaytiradi. Ochofat ayiq yong‘oqlardan tashqari, qushlarning tuxumi va baliqlar bilan ham oziqlanadi. Bir amallab qornini to‘yg‘azib, iniga kirib ketadi va hech nima bezovta qilmasa, bahorgacha uxlashi mumkin. Ammo u juda tiyrak uxlaydi. Mabodo uyg‘ongudek bo‘lsa, uyqusi chala bo‘lgan yosh bola singari injiqlik qiladi. Hatto undan ham battar, ya’ni jahldor “maxluq”qa aylanadi. Chunki qorni ham och bo‘ladi-da. Tuzukroq o‘lja topolmagach, qor tagida qolgan yong‘oqlarni topib yeydi. Qorni to‘ygach, yana o‘z iniga ravona bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, ayiq uyiga qaytayotganda izlarini chalg‘itib tashlaydi. Ovchilar topolmasin, desa kerak-da. Uyasini ham ko‘z ilg‘mas yerga quradi, ya’ni ag‘anagan daraxt ildizlari ularning asosiy maskani. Kamdan-kam holatlarda g‘orga joylashadi. Ayiqlar uyasi issiq bo‘lishi uchun momiq o‘tlardan to‘shak to‘shaydi. Ular asosan yonboshlab yoki chalqancha yotadi. Ba’zi hollarda o‘tirib ham uxlashi mumkin. Aytishlaricha, ayiqlar uxlash chog‘ida qo‘lini so‘rib yotarmish. Yo‘q, bu noto‘g‘ri. Ayiqlarning terisi yangilanayotgan paytda ko‘p qashinadilar, xolos.

 

Ayiqlar qishda uxlaydimi