Badminton

Badminton

 

Havo iliq. Babminton o‘ynashning ayni payti. Shunday shirin o‘y bilan singlim ikkimiz raketka va valanchikni olib, bolalar maydonchasi tomon yo‘l oldik. U yerda hech kim yo‘q. Maza qilib o‘ynayotgan edik, to‘satdan valanchik daraxt shohiga ilinib qolsa bo‘ladimi. Shunday qiziq o‘yinni beliga tepdi. Valanchikni olishga rossa urundik, lekin hech uddasidan chiqa olmadik. Bo‘yimiz kaltalik qildi chog‘i. Kattaroq kishining yordamisiz o‘zimiz eplayolmasligimizni tushunib, yo‘l yoqasida ancha vaqtgacha o‘tirdik. Bir payt singlim hursand bo‘lib: “Dadamning narvonini so‘rab tursak bo‘larmikin”, deb qoldi. Ikkalamiz dadamdan yordam so‘radik. Ular bajonidil valanchikni daraxt shohidan olib berdilar. Keyin esa badminton o‘yinining tarixi haqida bizlarga gapirib berdilar. Siz ham eshitib ko‘ring-chi.

Qadim zamonlarda odamlar ko‘ptok bilan o‘ynaladigan qiziqarli o‘yinlarni o‘ylab topishgan. Koptokni esa mevalarning danagi va patlardan yasashgan ekan. Qo‘lbola to‘pni oyoq va qo‘l yordamida o‘ynashgan. Keyinchalik yog‘ochli raketka o‘ylab topilgan. Bu o‘yinni xar hil davlatlar turli nom bilan atashgan. Masalan, Yaponiyada “o‘ybane”, qadimgi Gretsiya , Vetnam, Malaziya va Hindistonda esa “pune” deb atashgan. Hozirgi kunda esa “badminton” o‘yini deb ataladi. Uning vatani — Hindiston. Bafort ismli Angliya gertsigi o‘zining “badminton xaus” degan qasriga pune o‘yini uchun kerakli buyumlarini olib kelib, ilk marotaba o‘yin maydonchasini qurdirgan. Shundan so‘ng bu o‘yin “badminton” nomini olgan. Hozirgi kunga kelib badminton olimpiya o‘yinlari qatoriga kiradi.