Sabzavotli fokus

Sabzavotli fokus

 

Bu yilgi ta’til ham tugadi. Men do‘stlarim bilan yana uchrashar ekanman-da, deb maktabga oshiqdim. Yoz davomida to‘plangan olam-olam taassurotlarimni o‘rtoqlarim bilan ulashmoqchi edim. Hali bayram tadbiri boshlanishiga ancha bor. Deyarli barcha o‘quvchilar maktab hovlisiga to‘planishgan. Men ularning orasidan sinfdoshlarimni topdim. Ular bir gala bo‘lib nimalarnidir bahslashib turishgan edi. Ularning oldiga yaqinroq kelib, Damirning qo‘lidagi shisha idishga ko‘zim tushdi. Uning ichida esa yangi uzilgan bodring bor edi. Idishning og‘zi esa juda kichkina edi. Bolalar esa turli xil farazlar qilib ko‘rishdi. Damir ularni eshitib, jilmayib turardi. Men ham ularning bir-biridan qiziq fikrlarini eshitib kuldim, chunki bu fokusning sirini dadamdan o‘rganib olgandim-da. Buning uchun tomorqadagi bodring endigina tuggan paytida bodringni uzmay shishaga solib qo‘yasiz. Keyin esa, bodring shishaning ichida o‘sib kattalashaveradi. Ma’lum kattalikka yetgandan so‘ng bodringni bandidan uzib tashlasangiz bas.