Tungi mehmon

 

Yozning jazirama kunlarining biri edi. Kechqurun hovlida yulduzlarga termulib yotgan edim. Bu sukunatni “pi” degan tovush buzdi. Kim bo‘lishi mumkin?  Tovush yana takror eshitildi. Qizig‘i tovushlarning qaytarilish vaqti bir xil edi. Bu sas qayerdan kelayotgan ekan, deb qidirishga tushdim. Tovush bog‘ tarafdan eshitilayotgan edi. Men u tarafga qarab yo‘l oldim. Oyning shulasi so‘qmoq yo‘lni yoritib turardi. Men ataylab qo‘l yorigichi olmadim. Tag‘in sirli mehmonni cho‘chitib yubormay. Piyillagan tovushga tobora yaqinlashdim. Daraxt tepasiga qarasam, yonib turgan katta-katta ko‘zlar menga baqrayib qarab turardi. Men ehtiyotkorlik bilan daraxtga yaqinlashdim. Sekin-asta shoxdagi mehmonni kuzata boshladim. Daraxtda boshi anchagina yirik, burni esa ilgaksimon, qanotlari kulrang, tirnoqlari  yirik bir jonivor turardi. Bu ukkining bolasi-ku, deb qichqirib yuboray dedim. U yana piyilladi. Bir vaqt ona ukki uchib kelib bolasiga yemish berdi. Men joyimdan jilmay turdim. Ona ukki bolasini qo‘rnini to‘yg‘azib, yana yemish izlab uchib ketti. Men bo‘lsam bir olam taassurotlar bilan uyga qaytdim.