Dinozavrlar

Deraza tokchasida, quyosh nurida kaltakesak toblanib yotardi. U juda chiroyli edi, terisi jilvalanib, yashil toblanardi. Men lupani olib, kaltakesakni kuzata boshladim. Xuddi timsohdek! Balki haqiqatan ham kaltakesak va timsohlar qarindoshdir?  Balki ular dinozavrlarning avlodidir? Bu savollar bilan otamga murojaat qildim. Otam yumshoq kursisida o‘tirib, gazeta o‘qirdilar.

 - Dada, kaltakesak timsohning qarindoshimi? – so‘radim, undan.

Dadam gazetani chetga qo‘ydilar.

- Ha, timsohlar, kaltakesaklar va toshbaqalar bir-biriga qarindosh. Timsohlarning eng yaqin qarindoshlari esa – qushlar. Chunki, qushlar ham timsohlarga o‘xshab dinozavrlarning avlodlaridir. Qushlar mayda yirtqich dinozavrlardan tarqalgan.

- Dinozavrlar haqida gipirib bering, iltimos, - so‘radim dadamdan.

- Demak, dinozavr atamasi qo‘rqinchli kaltakesak, degani. Ular  ko‘p million yillar ilgari sayyoramizning hamma joylarida yashashgan. Hatto, Antarktidada ham olimlarimiz dinozavrlarning suyaklarini topishgan. Ular eng qadimiy hayvonlar.

- Ular ulkan bo‘lishgandir? – so‘radim qiziqib.

- Dinozavrlar turli kattalikda bo‘lishgan. Ba'zilari to‘rt qavatli uydek, ba'zilari mushukdekkina.

- Eh, kichkina tirik dinozavrchani ko‘rsam ajoyib bo‘lardi, – dedim men.

- Tirik dinozavrlarni endi ko‘ra olmaymiz, chunki ular 65 million yil ilgari o‘lib ketishgan. Ularning avlodi esa bizning derazamiz tokchasida toblanib yotardi.