Suhrobjon va Mikrobjon

Saida Ibodinova

Suhrobjon va MikrobjonSuhrobjon qo'shnimizning o'g'li. Do'mboqqina, shirinlikxo'r bolani ko'chamizda hamma yaxshi ko'radi. Ba'zida uning shirinlik yuqi, kir-chir yuz-qo'llariga qarab, “Suhrobjon, yuz-qo'llaringni yaxshilab, sovunlab yuvib yursang bo'lmaydimi?” desam, “Opajon, yuz-qo'lim top-toza-ku!” deydi jilmayib. Bir kuni Suhrobjon ertalab uyqudan uyg'ondi-yu, yostig'i yonida o'tirgan pahmoq sochli, hunukkina, tishlari shirinlikdanmi yoki boshqa narsadanmi qorayib ketgan mitti bolakayga ko'zi tushdi. “ Iye,” — dedi Suhrobjon hayron bo'lib. Sen kimsan? — Men eng yaqin do'sting Mikrobjonman. Aslida meni hech kim ko'rmaydi. Sen menga yoqib qolding. Shuning uchun ham meni faqat sen ko'rolasan, — dedi bolakay. — Xo'sh, qo'lingdan nimalar keladi? Buyog'i ta'til bo'lsa, o'rtoq degani do'stini zeriktirmasligi kerak. — Seni sira zeriktirmayman, — dedi bolakay yuvilmagan, pahmoq sochlarini qo'li bilan taray turib. Faqat bir sirni aytib qo'yay, agar sen qo'lingni sovunlab yuvsang, cho'milsang, toza-ozoda yursang, men yo'qolib qolaman va hech qachon qaytib kelmayman. — Mayli, aytganingdan chiqmayman. Faqat men bilan qol. Hech kimga ko'rinmaydigan do'sting bo'lishi qiziq-da. Shunday qilib Suhrobjon Mikrobjon bilan do'st tutindi. Endi u yuz-qo'lini nomigagina chayib qo'yadigan, haftalab cho'milmaydigan odat chiqardi. Mikrobjon esa uning elkasiga o'tirvolib, kel, qum o'ynaymiz, kel, mana bu tuproqni changitamiz, deya o'rgatgani, o'rgatgan edi. Suhrobjon yuvinmasdan, kir-chir yurgani sari Mikrobjonning bo'yi o'sib borardi. Bolakay kuni bo'yi do'sti bilan o'ynar, u nima desa aytganini bajarardi. — Ey, nima qilyapsan? — dedi u bir kuni o'rikni yuvmoqchi bo'layotgan Suhrobjonga. — Mevalarni yuvmasdan eb bo'lmaydi. — Be, kim aytdi? Yuvmasdan ham esa bo'laveradi. Kel, birga eymiz. Shunday qilib Suhrobjon bilan Mikrobjon yuvilmagan o'rikni paqqos tushirishdi va uyquga yotishdi. Ertalab qorni burab og'riyotgan Suhrobjon dodlab yubordi. Uning rangi dokadek oqarib ketgan, og'riq esa kuchaygandan – kuchayardi. Xonaga yugurib kirgan onasi o'g'lining rang – ro'yini ko'rib qo'rqib ketdi. —                Necha marta aytaman senga qo'lingni sovunlab yuv, mevalarni yaxshilab chaygin deb. Mana endi kasal bo'lib qolding, — dedi Aziza opa kuyinib. U tezda shifokor chaqirdi. Shifokor Suhrobjonning yuvilmagan yuziga, kir bosib qorayib ketgan qo'llariga qarab bosh chayqadi. — Hamma yog'ingni mikrob bosib ketibdi-ku, — dedi tanbeh berib. Suhrobjonga mikrob so'zi tanish tuyuldi. So'ngra mitti do'sti yodiga tushib uni qidira boshladi. Mikrobjon to'shakning bir chetida o'tirar, bo'yi anchagina cho'zilib qolgan, o'siq tirnoqlari, qoraygan tishlari g'alati ko'rinardi. Suhrobjonni shifoxonaga olib ketishdi. U erda bolakay Ozodaxon, Vitaminjon, Orastaxon degan do'stlar orttirdi. Mikrobjon esa Suhrobjon yuz-qo'lini sovunlab yuvib, cho'milib olgan kuniyoq g'oyib bo'ldi. Kecha Suhrobjonni ko'chada ko'rib qoldim. Yuzi huddi quyoshdek porlab turibdi. Baribir ozodalik yaxshi-da, nima dedingiz bolajonlar?