Daraxtning oyog'i

(Ibrohim Rahim)

Daraxtning oyog'i

 

Bog‘cha hovlisida Hasanjon bilan Husanjon o‘ynab o‘tirib, ro‘paradagi panjara orqasida bir oyoqlab turgan tovuqni ko‘rib qoldilar.

— Uni qarang, Hasan aka, anavi tovuqning bir oyog‘i yo‘q ekan. Bir oyoqlab qocholmaydi. Ushlab olaymi?

Hasanjon ham da’fatan tovuqning bir oyoqda turganini ko‘rib qoldi. Ukasining shunga fahmi yetmagani uchunmi, unga bir karomat ko‘rsatmoqchi bo‘lib, dedi:

— Shu tovuqni bir zumda ikki oyoqli qivoraymi?

— Ho… qib bo‘psiz.

— Hasanjon qum orasidan danakday tosh olib, qunishib turgan tovuqqa otdi. Tovuq shu zahoti bir sakrab ikki oyoqlab nariga qochdi.

Husanjon akasining ko‘rsatgan bu karomatiga tan berganday iljayib qo‘ydi. Ular yana qum o‘ynashni davom ettirdilar. Shu orada yomg‘ir tomchiladi.  Hasan-Husan pana joyga borib oldilar. To‘satdan shamol ko‘tarildi. Shamol zarbidan hovlidagi daraxtlar egilib-bukilib turardi. Ayniqsa, bir olcha niholi “dod-faryod” qilayotganday har yoqqa tashlanardi-yu, o‘rnidan jilolmasdi. Husanjon uning nochorligiga achinib, kuyunib ketdi. Birozdan keyin “bilag‘on aka”sidan so‘radi.

— Shu olchani ham yurgizvorolasizmi?

— Yo‘q, yurgizolmayman.

— Nega?

— Daraxtning oyog‘i bitta-da…

— Nega daraxtlarning oyog‘i bitta, ikkita emas, a?

— Shuniyam bilmaysanmi, oyog‘i ikkita bo‘lsa, hovlimizdan qochib ketadi-ku.