Oy bilan Shirin

(Ertak)

ertaklar

 

Qadim - qadimda  Shirin degan qiz bo‘lgan ekan. U shunday go‘zal ediki, tug‘ilib, balog‘atga yetgandan so‘ng, husnining ta’rifi butun olamga yoyilgan edi. O‘sha zamonda  Oy o‘zini chiroyli sanab yurar ekan. Hamma go‘zallikda tengi yo‘q  Oyni maqtar ekan. Shirin balog‘atga yetib, go‘zalligi  kundan-kun orta borgach, odamlar Oyni maqtamay, Shirinning husnini tilda doston qilibdilar. Bunga Oyning rashki kelib: "Nahotki, men turganimda Shirinni maqtashsa? Shirin bilan men husnimizni qiyoslab ko‘raylik-chi, so‘ngra mening kim ekanimni bilib qo‘ysinlar", debdi. Shirinni o‘z yoniga chaqirib: "Sen kim-u men kim? El og‘zida sening husning ovozasi olamni tutyapti. Kel, ikkimiz o‘zimizni taroziga solib, tortib ko‘raylik-chi, kim chiroyli bo‘lsa, tarozidan ma’lum bo‘ladi", — dedi. Shirin hijolat chekib: "Husnda siz  ziyodasiz, qo‘ying, meni uyaltirmang. Men husn da’vosini qilmayman", — debdi. Bunga Oyning jahli chiqib: "Sen husn da’vosini qilmasang ham, go‘yo odamlar nazarida sen mendan chiroyli emishsan. Bir tarozida tortishib, sinashmasak bo‘lmaydi", — debdi.  Shi­rinni qo‘yarda-qo‘ymay tarozi oldiga olib boribdi. Tomoshaga xaloyiq yig‘ilgan ekan. Oy mag‘rurlanib: "Mana Shirin-u, mana men, ko‘rarsizlar hozir, husnda kim g‘olib chiqar ekan?" — deb yalpayib tarozining bir pallasiga chiqib olibdi. Shirin uyalib, noiloj o‘ng oyog‘ini "Bismillo" deb tarozining bo‘sh pallasiga qo‘ygan  ekan, Oy laylak bo‘lib, osmonga chiqib ketibdi. Hijolatdan Oy qaytib, yer yuziga tusholmay, shu-shu osmonda qolib ketgan ekan.