Chumolining hikoyasi

Anvar Obidjon

Chumolining hikoyasiIshkom ostida timirskilanib yurib, daroyi uzumning urug'ini topib oldim. Qurib ketgur zil-zambil ekan, itarib ham, tortib ham joyidan siljitib bo'lmadi. Tavakkal qilib elkalab olsammikin, deb turganimda, oldimdan «vish-sh» etib bir badbashara maxluq chiqib qolsa bo'ladimi! Enam kechagina yovuz ajdarho haqida ertak aytib bergan edilar. O'sha qonxo'r og'zini katta ochganicha oldimdan chiqib turibdi-yu hozir. U bilan solishay desam, ertakda ajdarhoni o'ldirgan Qilichbotir, afsuski, men emasman. Qo'limda siltansa qirq gaz cho'ziladigan qilichim ham yo'q. Darrov es-hushimni yig'ib oldim-u, muloyimlik bilan unga ta'zim qildim. – Assalomu alaykum, janob Ajdarho! – dedim. Ajdarho avvaliga nechundir o'ng'aysizlanib, uyoq-buyoqqa qarab qo'ydi. Keyin birdan ko'krak kerib: «Gar saloming bo'lmasa, ikki yamlab bir yutardim», deya menga ko'z olaytirdi. Men egilib, qaytadan ta'zim qildim. Bir vaqt, boshimni ko'tarib qarasam, zumgina oldin qarshimda gerdayib turgan ajdarho yo'q. U janobning erda yotgan barg ostiga shosha-pisha kirib ketayotganini arang payqab qoldim. Gap nimada ekanligini anglab ulgurganim yo'q ediki, osmondan bir pahlavon uchib tushib, gursillaganicha erga qo'ndi. Uning shabadasidan uch-to'rt yumalanib, yana oyoqqa turdim. Pahlavon to'satdan patlarini hurpaytirib: «Ko'kqurt qani?» – deb so'radi mendan. Endigina so'zga og'iz juftlaganimda, bexos shamol ufurib, boyagi barg pildirab uchdi-yu, Ko'kqurt ismli ajdarho yalangda qoldi. Pahlavon shu zahotiyoq hamlaga hozirlanganini ko'rib, uning Qilichbotir ekanligini fahmladim. Enamning ertakda so'ylaganlari rost bo'lsa, ular endi qirq kecha-yu qirq kunduz jang qilishadi deya bezillab turgan edim, Qilichbotir bir kalla solishdayoq ajdarhoni sulaytirib qo'ydi. – Qoyil, Qilichbotir! – deb qichqirdim men, zavqlanib ketib. – Og'zingga qarab gapir! – kutilmaganda meni jerkib berdi pahlavon. – Meni nega boshqalar bilan adashtiryapsan, tirrancha? Akkang qarag'ay etti iqlimga dong'i ketgan mashhur Chumchuq polvon bo'laman-a! U shunday deya, janob ajdarhoni tishlab olganicha, yana osmoni falakka ko'tarildi. Shu topda enamning yoniga shoshilyapman. Men unga ertak emas, Chumchuq polvon haqida o'z ko'zim bilan ko'rganlarimni aytib bersam, sezib turibmanki, og'zi lang ochilib qoladi. ...Xo'p, xayr, birodar. Sen ham bu g'aroyib hikoyani o'rtoqlaringga so'zlab berib, ularni yoppasiga angraytirib qo'ysang-chi.