Qo‘yning gapi
Oltmish O‘sarov
“Gulgina” kitobidan olindi
Mahmud aka ishdan kelganda qo‘yning ustma-ust “ba-a”lab mo‘rayotganini eshitdi-yu, o‘g‘li Otabekka:
— Qo‘yga o‘t, suv bermabsizlar-da? — dedi.
— Berganmiz, — dedi Otabek. — U bir qisim beda yegan, bir paqircha suv ichgan.
— Bo‘lmasa, qorni to‘ymabdi, chanqog‘i bosilmabdi. Ana, eshit. “o‘t ber”, “suv ber”, deyapti.
— Qo‘y gapirmaydi-ku! — ajablandi Otabek. — Ochqaganini, suvsaganini qaydan bildingiz?
— “Ba”, degani — “o‘t ber”, “bo‘…”, degani — “suv ber”, degani.
Hayvonlarning tili shunaqa.
Otabek qo‘yning oxuriga bir quchoq pichan soldi, bir paqir suv qo‘ydi. Qo‘y oldin o‘t yedi, keyin suv ichdi. Ma’rashini ham qo‘ydi. U Otabekka qarab bosh siltadi. Bu “rahmat”, degani bo‘lsa kerak-da.