Ikki xil yordam
Mahmud Murodov
“Gulgina” kitobidan olindi
Bir xotin sabzavotlar og‘ir to‘rxaltasini ko‘tarib kelayotgandi. Orqadan ketma-ket ikki bola, ularning ketidan bir chol kelmoqda edi. Bir mahal to‘rxaltadan bir kartoshka tushib, dumalab ketdi.
— Xola, kartoshkangiz tushdi, — deb birinchi bola o‘tib ketaverdi. Ikkinchi bola hech narsa demadi-yu, yerdagi kartoshkani olib, to‘rxaltaga soldi. Orqadan yetib kelgan chol bolaga:
— Baraka top, bolam, — dedi.
Shunda birinchi bola to‘xtab:
— Bobo, menga hech narsa demadingiz? Axir, men ham xolamga “kartoshkangiz tushdi”, deb aytdim-ki, — dedi.
Bobo unga javob berish o‘rniga ikkinchi bolaning yelkasiga qoqib:
— Ota-onangga rahmat, bolam, — dedi.