Qaytarib ber

Yayra Sa’dullayeva

Qaytarib berGo'zalning tug'ilgan kuniga hamma o'rtoqlari kelishdi. Nodir-u Nizom, Guishod-u Kozim...

Bahodir she'r o'qidi. Gulshod biram chiroyli o'ynadiki, eng yaxshi raqqosa deb mahallada nom chiqargan Go'zalning ham havasi kelib ketdi. Hammalari bir bo'lib "Paxtaoy" qo'shig'ini kuylashganda-ku, Rahima opa ham qo'shilib ketay dedi.

Nodir o'yin-kulgidan chetda qolmadi. Birpas ashula aytgan bo'lib qarsak chalib turdi. Shunda stol ustidagi "Qoraqum" shokoladidan biram yegisi kelib ketdiki... Bunday atrofiga razm solsa, hamma o'zi bilan o'zi ovora. Stolga ohista yaqinlashib, bittasining qog'ozini ochib, og'ziga soldi. Chaynasa, shunaqangi totli tuyuldiki, yana bittasiga beixtiyor qo'l uzatdi. "Oq oltin" bo'lsa "meni ye!" — deyayotganga o'xshardi. Undan bittasini apil-tapil yeb, qog'ozini g'ijimlab stol ustiga uloqtirdi. Keyin... uch-to'rttasini olib, shimining cho'ntagiga solayotgan edi, Gulshodning ko'zi tushib qoldi. "Voy, tavba" — dedi-yu, g'alati bo'lib ketdi. Hatto o'zidan-o'zi uyalib, yuzi lovullay boshladi. Indamay desa, Nodirning qilmishiga tushunmayapti. "Nega endi cho'ntagiga soladi?" — shahd bilan uning oldiga bordi. "Nima, uyingda konfeting yo'qmi?" - dedi qoshini chimirib. -"Olib tashla!" — shunday dedi-yu, uning cho'ntagiga qo'l solayotgan edi, Nodir turtib yubordi va o'zi konfetni olib, dasturxonga uloqtirdi. Kutilmagan shov-shuvdan o'yin taqqa to'xtadi. Hamma ularga qaradi. Nodir esa qovog'ini uygancha hovliga otildi. Hali bolalar nima bo'layotganiga tushunib yetmayoq, orqasiga qaytdi-da, to'g'ri Go'zalning oldiga bordi.

— Qaytarib ber! Sovg'amni qaytarib ber!

U qo'shni qizga ayiqcha sovg’ka qilgan edi.