Mardona

Zamira Ibrohimova

MardonaSupurilib, qalin qilib suv sepilgan hovli. Mardona supachada qo'g'irchog'ining mayin sochlarini tarab o'tirar va unga afsuslanib gapirardi.

— Durdona opam kasal bo'lib qolmaganlarida, uchalamiz maza qilib o'ynardik-a?

Shu payt onasi uydan chiqib:

— Oppoq qizim, men chopib borib do'xtirni aytib kelaman. Sen opangdan xabar olib turgin, xo'pmi? — dedi-yu, shoshganicha chiqib ketdi.

Mardona hatto "xo'p" deyishga ham ulgurmadi. Bir zum onasining orqasidan qarab qoldi. So'ng ko'ngli birdan tog'day ko'tarildi. Axir, kasal opasidan xabar olib turish hazil ish emas.

Mardona tez-tez yurib uyga kirdi. Yotoqxonaning eshigini qiya ochib, ichkariga mo'raladi. Deraza yonidagi karavotda ranglari oqarib ketgan Durdona beholgina yotardi.

— Opajon... tuzukmisiz? — deb so'radi mehribonlik bilan Mardona. Opasi jilmayganday, so'lg'in yuzi yashnab ketganday bo'ldi.

— O'zim sizdan xabar olib turaman, xo'pmi? — dedi.

— Xo'p, — dedi Durdona.

Durdona singlisining mehribonchiligidan sevindi. Boshidagi, tomog'idagi og'riq tarqalayotgandek bo'ldi. "Qanday yaxshi singlim bor ekan-a. Endi uni hech-hech xafa qilmayman..." U xayol surib yotib, ko'zi ilindi. Shu tob eshik ochilib, Mardonaning qo'ng'iroqday ovozi eshitildi:

— Opajon, tuzukmisiz?

Durdona seskanib ketdi. Singlisini ko'rib, xiyol jilmaydi.

— Ha, yaxshiman, — dedi.

Mardona eshikni yana asta yopib, sho'x-sho'x sakrab, supachaga borib o'tirdi. "Tez-tez xabar olib tursam, opam tuzuk bo'lib qoladilar". Chindan ham, opasidan xabar olib turish unga juda-juda yoqib qolgandi. Ko'rpachada yotgan qo'g'irchog'ini olib, mahkam quchoqlab oldi.

— Katta bo'lsam-chi, do'xtir bo'laman, — dedi u quvonib. — Hozir sen bilan do'xtir-do'xtir o'ynaymiz. Sen kasalsan, men do'xtirman, bo'ptimi?

Mardona o'yinga berilib ketdi-yu opasidan xabar olish xayolidan ko'tarildi. "Kasal" qo'g'irchog'ini avaylab yotqizayotganida birdan esiga tushdi. Qo'g'irchog'ini tashlab, g'izillagancha uyga kirdi. Yotoqxonaning eshigini ochib, mo'raladi. Durdona chap qo'lini choyshab ustiga qo'ygancha og'ir-og'ir nafas olib, uxlab yotardi. Mardona ovozini biroz ko'tarib:

— Opajon!.. — dedi.

Durdona indamadi.

— Opajo-on! — dedi Mardona ovozini biroz balandlatib, opasi cho'chib uyg'ondi. Ko'zlarini katta-katta ochib, qo'rquv bilan singlisiga qaradi. Mardona ham qo'rqib ketdi va qaltiroq ovozda so'radi:

— Opajon, tuzukmisiz?

Bu safar Durdonaga singlisining ovozi xunukroq eshitildi. Boshi, tomog'i battar og'rib ketgandek bo'ldi. Ko'zlari yoshlandi.

Opasining bu holatini ko'rib, Mardona baqrayganicha qarab qoldi. Axir, oyisi kelguncha uni tuzatib qo'ymoqchi edi-ku!

Ko'cha eshikning ochilib-yopilgani eshitildi. Mardona yugurib hovliga chiqdi.

Onasi va oq xalatli do'xtir xola oldinma-ketin kirib kelishdi. Ularni ko'rib. Mardona suyunib ketdi. Lekin ayni paytda ko'ngli biroz g'ash tortdi. Nega-a?