Oygulning do‘stlari

Fyodor Kamolov

Oygulning do‘stlari— Ona qizim, uyni senga, seni Xudoga topshirdim, ehtiyot bo'lib o'tirgin, men tezda qaytaman, — oyisi Oygulning peshonasidan o'pdi-da, shoshilib chiqib ketdi.

Yolg'iz qolgan Oygul bunday qarasa, mushukchasi yap-yangi qo'g'irchoqni sudrab kelyapti.

— Hoy, Qoravoy, bu nima qiliq, qani tashla, — jahl bilan dedi Oygul.

Mushukchasi esa, unga parvo ham qilmay, qo'g'irchoqni tortqilab divanning tagiga olib kirib ketdi. Oygul uni dumidan tortib chiqardi. Bunday qo'pol muomala yoqmadi, shekilli, mushukcha Oygulning qo'lini tirnab, qonatib yubordi.

— Voy, yaramas, hali shunaqamisan? Bo'ldi, endi sen bilan o'ynamayman, — dedi Oygul yig'lamsirab.

Mushukcha gunohkor qiyofada ayanchli miyovladi-da, burchakka biqindi.

Og'riq bosilgach, Oygul kitobini olib, hovliga otlandi. Mushukcha ham hech narsa bo'lmaganday unga ergashdi.

— Xoh, siz qayoqqa? — Oygul mushukchani ichkari itqitib, qoq tumshug'i tagida eshikni qarsillatib yopdi...

Qizcha hovlidagi momoqaymoqlar ochilib yotgan maysazorga cho'kkaladi.

To'g'ri, shunday chiroyli gullarni toptash yaxshi emas-u, biroq tabiat bag'rida dam olishning zavqi boshqacha-da!

Oygul toza havodan to'yib nafas olgach, asta kitobiga ko'z yugurtirdi. Shu choq ochiq qolgan derazadan mushukcha ko'rindi. Sakrashga yuragi dov bermadi. Chorcho'pga osilgan edi... kuchi yetmadi, miyovlagancha yerga yumalab tushdi. Keyin yugurganicha kelib, hech nima bo'lmaganday Oygulga suykaldi. Qizcha uni "kechirdi".

— Esi past tentakcham, — deb mushukchasining quloqlaridan tortqilab qo'ydi.

Mushukcha bilan vaqtincha osh-qatiq bo'lib yurgan kuchuk dik-dik sakrab ularning oldiga keldi.

— Yaxshilab joylashib olinglar-chi, — dedi Oygul, — sizlarga uy hayvonlari haqidagi hikoyani o'qib beraman.

Ha... Oygul kuzda maktabga boradi, biroq hozir ham sal-pal o'qishni biladi.

— Si-gir, ech-ki, mu-shuk, voy, Olapar, seni yozishmabdi-ku?

Kuchukcha boshini qiyshaytirdi.

— Balki keyingi betda yozishgandir. Hozir ko'ramiz. Chit-tak, boy-qush. Yo'q, bular — qushlar-ku... Xo'p, mana sen irg'ishlab yuribsan-ku, nega endi kitobimda yo'qsan?

Kuchukcha buni qayoqdan bilsin?

Oygul quyosh qizdirgan devorga suyandi. Sap-sariq gullar orasida u nomini bilmaydigan oppoq gullar ham ko'zga tashlanardi.

— Senga gulchambar qilib beraymi?

Mushukchaga baribir, faqat uning dumidan tortishmasa bo'lgani...

Shu payt ko'chada "g'o-g'o" degan tovush eshitilib, eshikdan avval ona g'oz, uning ketidan yettita g'ozcha kirib kelishdi.

Ona g'oz hovliga kirar-kirmas bo'ynini cho'zganicha vahimali pishillab, gullarni bosib-yanchib Oygul tomonga otildi. Mushukcha "lip" etib taxta devorning tepasiga chiqib ketdi. Kuchukcha vovillab g'ozga tashlandi! Ona g'oz uzun tumshug'i bilan kuchukchani cho'qib oldi, kuchukcha bir amallab qutildi-yu, angillaganicha qochib qoldi.

Oygulning tizzasidan kitobi tushib ketdi. U nima qilishini bilmay, dovdirab atrofiga alangladi. Axir, mushukchadek devorga chiqolmasa... Ona g'oz bo'lsa, qanotlarini yoyib hujumga shaylanardi. G'ozchalar ham gullar orasidan qoqilib, surilib kelishardi.

Shundoq yonginasida ona g'ozning pishillab qanotlarini tez-tez qoqishidan Oygulning yuzlarini izg'irin yalab, chimchilaganday bo'ldi.

U o'sha yuvosh uy hayvonlari va qushlar haqida yozilgan kitobchani amallab qo'liga oldi-da, jon-jahdi bilan o'zini himoya qila boshladi.

— Oyi... oyijon! — deb chinqirdi Oygul beixtiyor.

Biroq uyida o'zidan boshqa hech kim bo'lmasa, kim ham yordamga kelardi?

Bexosdan yog'och devor lopillab, uning tepasida angrayib turgan mushukcha to'ppa-to'g'ri g'ozning ustiga ag'darilib tushdi va esxonasi chiqib uning beliga tirnoqlarini botirdi.

Bunday bo'lishini kutmagan ona g'oz talvasada g'o-g'olab qanotlarini battarroq qoqdi. Mushukcha g'ingshir, g'oz esa tinmay g'o-g'olardi. Bu paytda kuchukchaning qo'rquvi bosilib, ancha o'ziga kelib qoldi va yana vovillab ko'makka otildi.

Shu choq ona g'oz to'satdan bo'ynini orqaga burib, tumshug'i bilan mu-hukchani yulib oldi. Biroq mushuk ham haqqini qo'ymadi. Ona g'ozning bir necha patini tortqilab uzdi va tomni mo'ljallab oyog'ini qo'liga olib qochdi. Ona g'oz bo'ynini cho'zib uni quvladi. Kuchukcha "chiranma g'oz..." degandek vovillab ortidan yugurdi.

G'ozchalar ham turtinib-surtinib ildamlashdi. Mushukchaga yeta olmagan ona g'oz to'xtadi. Yana bir bor g'o-g'oladi. Jahl aralash bolalariga razm soldi. O'zicha ularni bir-bir sanadimi-yey?

Ko'zlariga yosh kelgan Oygul g'ijimlangan va bir necha varag'i yirtilgan kitobiga qaradi. Xayolidan "hali maktabga bormasimdanoq kitobimni dabdala qildim-a", degan o'v o'tdi.

Bu paytda momoqaymoqlarni oralab Oygulning yoniga yetib kelgan mushukcha qizchaning oyoqlarini yalardi. Kuchukcha ham ular yoniga cho'kkaladi. Vaqti kelib u voyaga yetadi. Zo'r itga aylanadi. Hozir esa biroz titraganicha. alanglab turibdi. Lekin shu holatida ham Oygulni birontasi xafa qilgudek bo'lsa. u himoyaga tayyor.

 

Oygul bunday o'ylab qarasa, kitobining yirtilgan betlarini yelimlash mumkin. Tizzasidagi jizillab turgan joyga ko'k dori qo'ysa, bas, tuzalib ketadi. Umuman. xafa bo'ladigan joyi yo'q.

Kuchukcha bilan mushukchaga esa bekalari yonida, maysalarga yonboshlab yotishdan, shabadada egilib, chiroyli silkinayotgan gullarga termilish-u, quyoshga ko'z qisib qarashdan ortiq huzur yo'q edi...