Iz

Rauf Tolib

IzZamira xola uyga kirdi-yu, fig'oni falakka chiqib ketdi. Axir, nega xafa bo'lmasin, hozirgina polni chinni-chiroq qilib yuvib chiqqandi. Shundoqqina botinka izi bo'lib ketibdi.

— Bilmadim, bu bolalarga qachon aql kiradi o'zi? Qachon bundoq mehnatning qadriga yetishadi? Axir, endi kichkinami? Maktabga borishsa.

Zamira xolaning jahli chiqib, hovlida koptok o'ynab yurgan Sherzodni chaqirdi.

— O'g'lim, bu yoqqa kel!

Sherzod endigina ko'chaga qochmoqchi bo'lib turuvdi, ulgurolmay qoldi noiloj uyga kirdi. Qarasa, oyisining avzoyi buzuq.

— Bu qanaqa qiliq? Shoshmay, avval botinkangni yechib, keyin uyga кirsang bo'lmaydimi? Qara, hammayoqni iz qilib tashlabsan-ku!

Sherzod juda quv bola. U osongina qutulish yo'lini o'ylardi. "Oyim-ku hozirgina ko'chadan keldilar. Mening uyga kirganimni ko'rib o'tiribdilarmi?” deb qo'ydi ichida.

— Oyijon, — dedi Sherzod mug'ombirona kulib. — Men, axir, uyga kirmadim-ku.

— Sen kirmasang, kim kirdi? — jahl bilan dedi Zamira xola. Shunda Sherzod:

— Ukam Bunyodning boya uyga kirib ketayotganini ko'rgan edim, — dedi. Zamira xola battar tutoqib ketdi: "Bunyod o'zi kichkina, oyog'ining izi shunaqa katta bo'ladimi? O'z aybingni ukangga to'nkashga uyalmaysanmi, a?"

Sherzod og'iz ocholmay qoldi. "Masalaning bu tomonini sira o'ylamagan ekanman-da! Eh, xomkalla!"

Nega o'shanda botinkasini yechib kiraqolmagan ekan? Ochig'i, iplarini yechishga eringandi. Nega erindi? Sherzod hozir pollarni artib qo'yib, gunohini oqlashi mumkin edi. Ammo yolg'on gapirib qo'lga tushib qolgani yomon bo'ldi-da! To'g'risini aytganda, balki oyisi kechirarmidi? Kechirardi, albatta.