Somsa yo‘qolib qoldi

Lyubov Voronkova

Somsa yo‘qolib qoldiTanyaning buvasi, onasi va Tanyaning o'zi stol atrofida o'tirishardi.

Stol ustida katta mis samovar shaqillab qaynar, uning yonida - xurmachada usti qaymoq tutgan, qaynatilgan sut turardi.

Hammalarining piyolalari har xil rangda. Buvisiniki havorang, oyisiniki gulli. Tanyaning piyolasiga xo'roz rasmi solingan.

Buvasining esa piyolasi yo'q edi. U choyni stakanda ichardi. Stakanda esa faqat bitta ko'k yo'l bor edi.

Buvisi pechkadan issiq kartoshka to'la tovoq oldi, stol ustiga katta kosada mol oyog'idan pishirilgan dirildoq (xolodes) qo'ydi. Tanyaning taqsimchasiga pishgan so'lqildoq somsa qo'ydi. Tanya suyunib ketdi.

— Buva, — qichqirdi u, — sizga somsa yo'q! Menga esa bor!

— Yo'q bolsa nima bo'pti — dedi buvasi. — Men zangori qushchani ko'ryapman, sen ko'rmayapsan.

— Qani, qani zangori qushcha?

— Hov, ana, qayin daraxtida o'tiribdi.

Tanya derazadan boshini chiqardi. Bitta qayin daraxtiga qaradi, ikkinchisiga qaradi. Arg'uvon daraxtiga ham qaradi.

— Qush qani?

Buvasi o'rnidan turib peshayvonga chiq-di, qaytib kirib, yana zangori qushchani ko'rganini aytdi.

— Buvangning gapiga quloq solma! — dedi buvisi. — U jo'rttaga aytyapti.

— Juda g'alatisiz-da, buva, — Tanyaning jahli chiqdi. — Nuqul aldaysiz!

U joyiga o'tirib, qo'lini somsaga uzatdi: somsa g'oyib bo'lgan edi! Tanya somsani kim oldiykin, deb hammaga bir-bir qaradi. Onasi kular, biroq uning taqsimchasida somsa yo'q edi. Buvisining idishida ham somsa yo'q edi. Buvasi esa hayron edi:

— Nima bo'ldi? Somsa yo'qolib qoldimi? Darvoqe, hozir hovlida ko'rdim, shekilli?

— Qanaqasiga hovlida ko'rasiz?

— Uyga kirayotgandim, ro'paramdan somsa chiqib qoldi. "Qayoqqa ketyap-san?" — deb so'radim. U esa: "Quyoshda isingani ketyapman", — dedi.

Tanya zinapoyaga yugurib chiqdi. To'ppa-to'g'ri! Somsa panjarada yotibdi, quyoshda isinyapti. Tanya sevinib, somsani oldi-da, uyga qaytib kirdi.

— Qochoqni topdingmi? — so'radi onasi. — Juda soz. O'tirib choyingni ich. Somsangni tezroq yeb ol, yana qochib ketmasin!

Buvisi esa boshini qimirlatdi-da, sekingina:

— Obbo, choli tushmagur-ey! Doim hazil qilganingiz-qilgan, — deb to'ng'illadi.