Sohibqiron hikoyatlari

Xurshid Davron

Sohibqiron hikoyatlariBir kuni padari buzrukvorimiz — Amir Tarag‘ay bahodir ko‘p qo‘ylarni menga berib, Samarqand bozoriga savdoga yo‘lladilar. Qo‘ylarning hammasini ming oltinga sotib, pullarni belga bog‘lab sayr qilib yurur edim. Bir yerda xushovoz qalandar odamlarga so‘zlab turg‘on ekan: qo‘lida qog‘oz — she’r bitilgan, u der edi:

— Shul yozuvning qadriga yetib, kim ming oltunga olsa, dunyoning oxiriga yetadi…

Himmatim jo‘shib, ming oltunni qalandarga tutqazdim. U menga tikilib turdi-da, so‘ng nasl-nasabimni so‘radi. Aytdim. So‘ng tayin qildi:

— Otang oldiga borgil, buni otang oldida o‘qi, borg‘uncha ochma… Qog‘ozni keltirib, padari buzrukvorga berdim. Ochib o‘qidilar. Forscha ruboiy ekan — ma’nosi quyidagicha: zulm bilan dunyoda nom qoldirib bo‘lmaydi. Jamshid, Sulaymon, Iskandarlar o‘lib ketdi, navbat senga ham yetishi tayin. Dunyoga keldingmi yaxshilik bilan nom qoldir…

Ruboiyning muallifi — o‘shal qalandar-alloma shoir Qamol Xo‘jandiy erkan. Ul zotni padari buzrukvorimiz ko‘p hurmat qilar erkanlar.

— Barakallo, o‘g‘lim, ko‘p dono ishga oltunlarni sarf etibsan. Endi, ming oltung‘a olg‘on ushbu hikmatga qat’iy rioya qilmoq  lozimdur…Padari buzrukvorning aytqonlarini bosh ustida tutdim.