Kapalak

Zafar Diyor

Kapalak

 

Hoy, kapalak, kapalak,

Qanotlaring ipakdak.

Muncha shoshib uchasan,

To‘xta, so‘zlayin andak.

 

Uchrataman har kuni

Seni har kun bog‘chamda,

So‘rib gullar sharbatin

O‘ltirasan olchamda.

 

Borib ushlay deganda

Shoshib darhol uchasan.

Sira tutqich bermasdan

Guldan gulga ko‘chasan.

 

Mendan aslo qochmagin,

Do‘st bilaman o‘zimga.

Pildir-pildir uchishing,

Oh, yoqadi ko‘zimga.

 

Uch, uchaver, uchaver,

Go‘zal bog‘cham — gulshanda.

Sira ozor bermayman

Sevgim, fikrim bor senda.

 

Kapalakjon, kapalak,

Qanotlaring ipakdak.

Do‘st bo‘laylik ikkimiz,

To‘xta, so‘zlayin andak!