Ona tilim
Po‘lat Mo‘min
O‘rgilayin,
Ona tilim,
O‘zginangdan.
Tillarimga
Bol keladir
So‘zginangdan.
Tilim, yana
Bo‘lavergin
Burro-burro.
Oh, naqadar
Ohangdorsan,
Yana a’lo.
Ona tilim,
Mening uchun
Yagonasan.
Aslida sen
Sharqonasan,
Turkonasan.
So‘zlaganda
Namoyondir
O‘zbekligim.
Namoyondir
Yaxshilarga
Ko‘zdekligim.
Uzoq-uzoq
Tarixlarga
Asosimsan.
Ulug‘-ulug‘
Allomalar —
Navoiyimsan.
Me’rosimdan,
Ilm-u fandan
To‘l mazmunga.
Dunyolarga
Tanilaver
Kundan-kunga.