Turnalar

Sodiqjon Inoyatov

Turnalar 

Kuz keldi, o'xshagancha

Mayin, dilxush navoga.

Turnalarning "qur-quri"

Taralmoqda havoga.

 

Ana, ular to'planib

Ketmoq uchun janubga,

Marvarid munchoqlarday

Tizildilar bir ipga.

 

Qushlar issiq o'lkani

Ko'zlab yo'lga shaylanar.

Ammo dilgir, betoqat,

Davra yasab aylanar.

 

Men qushlarga tikilib

 Ilg'ab oldim bir ma'ni:

Yurt mehri turnalarni

Qo'yvormasdi ketgani.