Hozir yoshim oltida

Yo‘ldosh Sulaymon

Hozir yoshim oltida

 

Hozir yoshim oltida,

Katta-kichik oldida

Yurishlarim bo‘lakcha,

 Turishlarim bo‘lakcha.

 

Chunki aqlim kirgan-da,

Uyga mehmon kelganda,

Ko‘zni qilib shamg‘ilat

Olmasman hech shokolad.

 

Tanish-bilish odamlar,

Akam, ayam, dadamlar

Deyishar:

- Erkatoyim,

Ana shunday bo‘l doim

Katta-kichik oldida,

Axir, yoshing oltida.