Alisherning onasi

Abdulla Oripov

Alisherning onasi

 

Bilmam, qanday ayol bo‘lgan

Alisherning onasi.

Balki uning aqliga ham

Lol bo‘lgan zamonasi.

 

Balki uning ko‘zlarida

Bo‘lgan og‘ir bir xayol.

Balki g‘amgin bir zotdir u,

Balki sho‘xchan bir ayol.

 

Balki buyuk farzandiga

Terib kelgan chechaklar.

Balki tunlar unga bedor

Aytib bergan ertaklar.

 

Mayliga, u kim bo‘lmasin,

Yolg‘iz bir so‘z ma’nosi:

Alisherning onasi u,

Navoiyning onasi.