Ota-ona
Tolib Yo‘ldosh
Ota-ona — ikki so‘z,
Biri qosh-u biri ko‘z.
Bir-biridan qimmatli,
Mehri daryo himmatli.
Ular o‘zin o‘ylamas,
Farzandi sog‘ bo‘lsa, bas.
Onajonim qo‘llari
Valijon Ahmadjon
Tandir to‘la nonlarning
Pishmoq sirin o‘ylayman.
Non yopilgan tandirga
Shoshilmasdan bo‘ylayman.
Biram issiq — gumbaz cho‘g‘
Kuydirgudek yuzimni.
Darrov ortga qaytaman,
To‘sgancha qosh-ko‘zimni.
Bahor shamoli
Abdulla Oripov
Bahor kelayotir,
Toza, musaffo.
Moviy kengliklarda o‘ynaydi shamol.
Daralar qo‘ynida zangor bir havo,
Tumanli shaharda yotmoqlik malol.
Qoyalar ko‘ksida shodmon, beqayg‘u,
Oniy umri bilan sollanar chechak.
Bahor, bu — eng toza shabbodadir bu,
Bahor, bu — eng toza shamoldir, demak.
Erta bahor
Oybek
Ko‘k, moviy... Unda-bunda
Bulutlar asta yozar
Kumush qanotlarini.
Iliq, yoqimli kunda
Erkin o‘ynaydi qushlar
Chizib sirli xatlarni.
Alisher Navoiy
Umid Ali
U havoga qorishdi—mutloq
Va tuproqday singidi yerga.
Hayot otliq jonu jahoni
Olam-olam ortildi she’rda.
Ruhi qanday pokiza—ma’sum,
Bahor kabi dilafgor, mayin.
O’z-o’zingdan poklanasan Sen
Uning uchun yig’lagan sayin.
Alisherning onasi
Abdulla Oripov
Bilmam, qanday ayol bo‘lgan
Alisherning onasi.
Balki uning aqliga ham
Lol bo‘lgan zamonasi.
Balki uning ko‘zlarida
Bo‘lgan og‘ir bir xayol.
Balki g‘amgin bir zotdir u,
Balki sho‘xchan bir ayol.
Navoiy sog‘inchi
Chorlasam deb: «Qaydasan Farhod?»
«Men borman», – der Yosuman kampir;
Qizil gulning o’rnida, hayhot,
Chayqaladi bir tup qalampir: