O...o...jon
Anvar Obidjon
“Jinqarcha” bog‘chasining o‘rtancha guruhiga qop-qora qoshlari bir-biriga tutashgan, kipriklari uzun-uzun, charosko‘z bir bolakay kelib qo‘shildi. Uning asli ismi Oltinbek edi. Biroq, ko‘p o‘tmay, bolachoqlardan tortib tarbiyachilargacha uni “O...o...jon” deb chaqiradigan bo‘lishdi...
Bog‘chadagi mashg‘ulotlar, ko‘p hollarda, guruhdagilarni bir joyga jamlab o‘tkaziladi. Lekin, bolalarga ozgina erkinlik berildi deguncha, birov o‘zicha, birov o‘rtog‘i yoki dugonasi bilan har yer-har yerda o‘yin o‘ynay boshlaydi.
Uch og‘a-ini
Anvar Obidjon
Uch og‘a-ini bor ekan. Biri biridan sho‘x, biri biridan o‘yinqaroq bolalar ekan. Chetdan qaraganda, ularning yurish-turishi bir xildek ko‘rinsa-da, kenjasi sal pismiqligi bilan ajralibroq turarkan. Uning juda kichkintoylikdagi ajabtovur qilig‘ini oiladagilar haligacha hiringlab-hiringlab eslashar ekan.
Mahalla bolalarining salomatligini ko‘rikdan o‘tkazib turuvchi qishloq do‘xtiri bir kuni kenjatoyni tekshirib bo‘lib, ota-onasiga: “Qoni jinday kamroqqa o‘xshayapti, bu bolaga alohida parvo qilib turinglar”, deb tayinlabdi.
Jaqqi
Anvar Obidjon
Shunaqasiyam bo‘lib turadi – kimdir O‘g‘iloyning jig‘iga tegib qo‘yadi. Achchig‘i chiqdimi – birdan qovog‘i solinadi, sochlari kirpitikonning ignalaridek tikkayadi, ko‘zlaridan uchqun chaqnab, jajji lablari giloschaga o‘xshab cho‘chchayadi. “Ha, nima bo‘ldi?” – desangiz, toshdek qotib, indamay turaveradi.
Boshqa paytlarda undan xushchaqchaq, undan shirin qiz yo‘q. Bir so‘zamolligi qo‘zisa, uydagilarni gapga tutib charchatadi.
Qadrdon yig‘ilar
Anvar Obidjon
Men, derazasini lang ochib qo‘yib, nonushta qilishni yoqtiradigan boloxonaning shundoqqina tagidan torgina yo‘l o‘tgan. Yo‘lning narigi beti – bolalar bog‘chasi. Bog‘chaga qatnaydigan tirmizaklar menga shu qadar yodaki bo‘lib ketganki, ularni ko‘rmay turib, tovushidanoq adashmay tanib olaman.
Kuzatib keladigan kattalar otini aytib chaqirganda, ba’zilarining ismi esimda qolgan. Ko‘pchiligiga esa, o‘zimcha laqab to‘qib olganman.
Gulixonning gulzorchasi
Anvar Obidjon
Gulixon oynavand ayvonda nonushta qilib bo‘lib, tashqiga chiqdi-yu, to‘g‘ri gulzorcha tomonga chopqilladi. Bu – o‘z-o‘zining gulzorchasi. Buvisi erta bahorda ariqcha yoqasidagi yerning supradekkina joyini ketmonda yumshatib berdi. Gulixon gul urug‘larini sepib, yog‘och sopli qushtirnoqda ularni tuproqqa aralashtirdi. Mana, kunlar zuvillab o‘tib, pechakgul-u sapsarlar, chinnigul-u qistako‘zlar ranggo-rang bo‘lib ochildi. Uzoqdan qarasang, atlas ro‘molchaning o‘zginasi.
Gulixon gulzorchasining chiroyidan ko‘z uzolmay, zavqi toshib turganda, “viz-z” etgan tovush eshitildi.
Maqtanchoq
Anvar Obidjon
Mardivoy haqida gap ketgudek bo‘lsa, “maqtanchoq” degan so‘zni ham albatta qo‘shib aytishadi. Odam, maqtanchoq bo‘lganga yarasha, sal botirroq bo‘lsa-ku, bir nav. Ammo, uchragan kimsaga osmondan kelib gapirsa-yu, o‘zi chumchuq “pir-r” etsa, yuragi “shir-r” etadiganlar sirasiga kirsa, ko‘pchilikka masxara bo‘lgani qolarkan.
Mardi-maqtanchoq uzoqdan ko‘rindi deguncha, ko‘chada turgan tengdoshlari “shuni bir vaqillatsak-chi”, deya o‘zaro piqirlab qo‘yishadi. U yaqin kelgach, kimdir ataylab o‘qrayib boqadi.
Qo‘g‘irchoqlar
Anvar Obidjon
Gulsanamning tug‘ilgan kunida dadasi unga ajabtovur qo‘g‘irchoq olib keldi. Sochlari mayda o‘rilib, boshiga ko‘k ro‘mol chandilgan, egniga atlas ko‘ylak kiydirilgan bu yoqimtoy qo‘g‘irchoqni bir siltab qo‘ysangiz bas – ichiga o‘rnatilgan mitti moslama o‘z-o‘zidan ishga tushib, “Qizaloq” rosa yig‘lab beradi.
Gulsanam uni silkib ko‘rgan edi, uyni yig‘i tovushi bosib ketdi: qiy-y, qiy-y, qiy-y... Qo‘g‘irchoq yig‘layotgan paytda qo‘lidagi oppoq ro‘molchasini tez-tez ko‘ziga surtib qo‘yishini ko‘rib, avvaliga Gulsanamning kulgisi qistadi, keyin injiqligi joniga tegib uni yotqizib qo‘ygan edi, boshqacha ovoz chiqarib o‘krashga tushdi: vag‘-g‘, vag‘-g‘, vag‘-g‘...