“Bulbulcha” konsert dasturi bo‘lib o‘tdi

“Bulbulcha” konsert dasturi bo‘lib o‘tdiKecha poytaxtimizning muhtasham “Turkiston” san’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi O‘zbekiston badiiy jamoalari ijodiy birlashmasi “Bulbulcha” ashula va raqs ansamblining 2016 yil “Sog‘lom ona va bola yili” munosabati bilan o‘tkaziladigan hisobot konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

“Erkatoy” ham bu tadbirda ishtirok etib, konsert haqidagi barcha ma’lumotlarni sizga taqdim etishga qaror qildi.

Qishning sovuq qirovli kuni bo‘lishiga qaramasdan jajji do‘stlarimiz ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, qalblarida jo‘shqin otashni his qilish qiyin emasdi. Kichkintoy san’at ustalarining quvonch-u shodliklari shu qadar cheksiz edi-ki, bu biz san’atni sevib uni qadriga yetadigan millat farzandi ekanligimizni yana bir bora isbotlab turadi. Qariyib 3 soat davom etgan bu tantanaga kelgan barcha muxlislar, “Bulbulcha” ashula va raqs ansambli qatnashchilariga, hamda uning badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti, “Sog‘lom avlod” ordeni sohibi, professor Shermat  Yormatovga o‘zlarining cheksiz minnatdorchiliklarini bildirib, dasta gullar bilan olqishlab qoldilar.

Shuningdek, konsertga kelgan barcha mehmonlarga “Erkatoy” sovg‘alar ulashib, esdalik uchun suratga ham oldi.