Sizdan boshlanadi asli tafakkur

Mehr nuri yog’ar doim yuzingizdan ustozlar,

Yursam deyman shu tabarruk izingizdan ustozlar…

Bugungi tong aynan shu qo’shiq sadosi ostida otayotgan bo’lsa ajab emas. Chunki bu kun aziz va mo’tabar ustoz va murabbiylarni yanada ulug’laydigan sanadir. Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan 43-sonli maktabda ham “1-oktabr Ustoz va murabbiylar kuni”ga juda katta tayyorgarlik ko’rildi. Bu tong maktab ostonasiga qadam qoygan har bir o’qituvchining quchog’i gulga to’ldi. Maktab hovlisida bezatilgan turli rangdagi pufakchalar, bir biridan go’zal gullar  kayfiyatni yanada oshirdi. Maktab binosiga kiraverishda esa, o’quvchilar tayyorlangan o’ziga hos devoriy gazetalar kishi e’tiborini tortmasdan qolmadi. Huddi shu ko’tarinkilik bilan boshlangan bayram tadbiri ham bilimlar maskanda faoliyat olib borayotgan jonkuyar, mehnatsevar ustozlarni ko’klarga ko’tardi. O’quvchilarining  ustozlariga bag’ishlab aytgan she’r va qo’shiqlari barchaning diqqatini tortdi. Ayniqsa, 5-sinf o’quvchilarining sahna ko’rinishi barchaga manzur bo’ldi. Kuyni his qilib raqsga tushayotgan iqtidorli yigit-qizlarni ko’rib ko’zingiz quvnaydi, dilingiz yayraydi. Tadbirda ma’naviy ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari, Dilbar Inog’omova so’zga ciqib, barcha murabbiylarni bayram bilan tabrikladi.