Donushak boboning sirli yo‘li

(Ilhom Zoir)

Donushak boboning sirli yo‘liDonodil bobo aytgan joy. Yo‘l boshida kesilgan daraxtning to‘nkasida bir nuroniy bobo mudrab o‘tirar, oftobning zarrin nurlari esa yarqiroq peshanasida jilvalanardi.                                                    

 – Assalomu alaykum! – deyishdi bolalar baravariga.

– Va-va-va-laykum salom! – dedi bobo ko‘zlarini ocharkan. – Nima qilib yuribsanlar bu yerda?

– Bizlar shahzoda Duronbekni qutqargani Yosuman yurtiga boryapmiz, – dedi Kozim odob bilan. – Bobojon, bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsating.

– Bajon-u dil! – dedi Donushak bobo. – Yo‘l ko‘rsatish uchun ham shu yerda o‘tiribman-da! Lekin avval bir masalani yechib olsak. – Chol cho‘ntagidan bir parcha teri chiqarib, unga bir nimalarni yozib, yozganini bolalarga berdi. – Demak, men 9 x 1 = 9; 9 x 10 = 90 bo‘lishini hamda sanashni bilaman, lekin ko‘paytirish, qo‘shish, ayirish, bo‘lish amallarini  bilmayman. Sizlar menga karra-karraning qolgan hisoblarini chiqarib beringlar!

Donushak boboning yozganlari mana bunday edi:

9 x 2 =

9 x 3 =

9 x 4 =

9 x 5 =

9 x 6 =

9 x 7 =

9 x 8 =

9 x 9 =

– Oddiy ish-ku! – dedi Akmal Sherzodga. – Qalamingni chiqarib shartta-shartta yozib tashla! Donishmand bo‘lsayam, oddiy karra-karrani bilmaskan.

– Shoshmaylik, u birorta amalni qo‘llamanglar, deyapti-ku! – dedi Sherzod. – Bo‘lmasa, uchalamiz suvday biladigan bu savolni bermagan bo‘lardi.

– Birorta amalni qo‘llamasdan qanday qilib misolni yechish mumkin, Sherzod? – dedi Kozim. – Umidimiz sendan, kallangni yaxshiroq ishlat!

– Kallani hammamiz birga ishlatamiz! – dedi Sherzod. – Bobom «Bir kalla bir kalla, ikki kalla zo‘r kalla», deganlar. Axir bizda uchta kalla bor-ku!

Sherzod papkasidan qalamni emas, sharikli ruchkasini olib, berilgan qatorlarni yuqoridan pastga qarab raqamlab chiqdi. U mana bunday shakl oldi:

9 x 2 = 1

9 x 3 = 2

9 x 4 = 3

9 x 5 = 4

9 x 6 = 5

9 x 7 = 6

9 x 8 = 7

9 x 9 = 8

Kozim ham birpas o‘yga tolib turdi-da, so‘ng Sherzod raqamlab chiqqan sonlar orqasidan pastdan yuqoriga qarab qayta raqamladi. U mana bunday ko‘rinish oldi:                                                                  

9 x 2 = 18

9 x 3 = 27

9 x 4 = 36

9 x 5 = 45

9 x 6 = 54

9 x 7 = 63

9 x 8 = 72

9 x 9 = 81

Donushak bobo bolalarning zehniga tasannolar aytib, dedi:

– Men sizlarga qoyil qoldim! Bu masalani faqat sehr kuchi bilan yechish mumkin deb yurardim... Sizlar ikkinchi yo‘ldan yursanglar, chalkash yo‘l oxirida ming yoshli cholga duch kelasizlar. U albatta sizlarga yordam beradi...