Xushchaqchaq chol

(Ilhom Zoir)

Xushchaqchaq chol

Chalkash yo‘l oxirida qarib-qartaygan, lekin yuzlaridan nur yog‘iilib turgan cholga ro‘para kelishdi. Odobli bolalar emasmi, cholga salom berishni unutishmadi. Chol alik oldi.

– Yo‘l bo‘lsin, bolalarim? – dedi u miltillab turgan ko‘zlarini kattaroq ochishga urinib. – Xayrli safarga chiqqanga o‘xshaysizlar!

– Qayerdan bildingiz, bobojon? – dedi Kozim.

– Bu dunyoda yashayverib, odamlarning ichidagini yuzidan biladigan bo‘lib qolganman, qo‘zichoqlarim!

– Necha yoshdasiz, bobojon? – deb so‘radi Akmal.

– Mingdan oshdim, lekin qachon tug‘ilganimni bilmayman.

– Uzoq yashashning siri nimada, bobojon? – deb so‘radi Sherzod.

– Xushchaqchaqlikda! – dedi chol chakkasini qashib. – Senlarni qiynab o‘tirmayman. Har biring bittadan latifa aytib meni kuldirsalaring, yo‘llaringni bersin deyman.

Latifa aytishni birinchi bo‘lib Kozim boshladi:

«Afandining do‘sti:

–  O‘rmonda bir jasadni ko‘rdim. Avvaliga bu sen bo‘lsang kerak deb o‘yladim, – debdi.

– Ko‘rinishi qanaqa? – deb so‘rabdi Afandi.

– Bo‘yi senikiday, burniyam...

– Menikiday katta ekanmi?

– Ha!

– Qoshlari qalin, shundaymi?

– Qoshlari qalinlikka qalinku-ya, lekin qora emas.

– Unda men emaskanman, – debdi Afandi».

Chol o‘raday og‘zidagi ikkita tishini ko‘rsatib kuldi.

– Durust, durust!.. Endi sen ayt! – dedi Akmalga yuzlanib.

Akmal latifa aytdi:

«Afandi ko‘chada ketayotsa, ikki kishi urishayotgan ekan.

– Sen eshaksan! – debdi bittasi.

– O‘zing eshak! – debdi sherigi. Shunda Afandi ularga:

– Qarindoshlar katta yo‘lning ustida janjallashishi yaxshi emas, – degan ekan».

– Chakki emas! – dedi chol yana kulib. – Endi navbat senga!

Sherzod latifa aytishni boshladi:

«Afandidan qozi so‘rabdi:

– Siz qo‘shningizni «sigirsan» debsiz? Shu rostmi?

– Yo‘q, taqsir, men uning o‘g‘liga «sen buzoqsan!» dedim, xolos, – debdi Afandi».

Chol mamnun bo‘lib, oxirgi gapini aytibdi:

– Shu yo‘l bilan to‘g‘riga borib, so‘ng o‘ngga ozgina yursanglar, katta o‘rmonga chiqasizlar. O‘rmonda Bilor ismli donishmand yashaydi. U sizlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadi...