Suvkalamushning hikoyasi

Anvar Obidjon

Suvkalamushning hikoyasiCho'rtanbaliqlarni yaxshi bilaman, birovni nazar-pisand qilishmaydi. Tarvaqaylagan mo'ylovlaridan quvonishadi shekilli. Ularda bor mo'ylov bizdayam bor, lekin shu paytgacha begonalarga ortiqcha gerdaymaganmiz. Men, hatto, o'zimdan kichik Tangabaliqlarniyam hurmat qilaman. Mabodo, qornim ochib qolsa, ulardan birortasini yaxshilikcha tutib olaman-da, hech bir qo'pollik ishlatmay, silab-siypab turib, pok-pokiza eb qo'yaman. Manavi boshqa gap. O'zgalarga nohaq ozor berishning nima keragi bor? Zo'ravonlik qilib hali hech kim baraka topmagan. Jumladan, Cho'rtan ham baraka topmadi. Uchiga chiqqan zo'ravon edi Cho'rtan. Yomonning bir qilig'i ortiq deganlaridek, mening asabimga tegmasdan turolmasdi. Tashqarida uchrashib qolsak, ko'rmaganga olib, dumida biqinimga bir turtib o'tardi. Ichkarida yotsam, inimning og'ziga kelib, suvni ataylab loyqalata boshlardi. Bir narsa deyay desam, gavdasi menga ikkita keladi. Oxiri jonimdan o'tib ketdi. Kecha: «Ke, nima bo'lsa bo'lar!» – dedim-u, baqato'nning tagiga kirib olib, uning yo'lini poylashga tushdim. Bir mahal so'ljayganicha suzib kepqoldi. Tepamdan o'tayotgan chog'i, bir sapchib, bo'g'zidan kirt tishlab oldim. Jon shirin-da, bir zum tipirchilab turdi, keyin sulaydi-qoldi. Tevaragimga olazarak qarab qo'yib, uni sekingina inimga sudrab kirdim. O'ziyam toza etilgan ekan, kechadan beri eb tugatolmayman. Ertalab, quyuq nonushtadan keyin tashqarida kerishib tursam, yonimdan yalpayganicha Zog'orabaliq o'tib qoldi. U oldimda to'xtalib: «Qo'shning Cho'rtanbek ko'rinmaydimi?» – deya shamador savol berdi. Men chaynalib o'tirmay «sayr-u sayohatda yurgandir-da», deb, tish kavlashni bemalol davom ettirdim. Shunaqa ezmalarni jinim suymaydi. O'zing sog'-omon qiltinglab yurganingga shukur qilsang-chi, lodon. Boshqalar bilan ishing nima? Harqalay, Zog'orabaliqqa qisqa javob qilganim yaxshi bo'ldi. Dadam rahmatli «ko'p egin-u, kamroq gapirgin», derdilar. Haqiqatan ham, yuzta gap gapirgandan ko'ra, bitta baqa tutib egan ma'qul. Gap bilan qorin to'yarmidi? ...Mana, hammasini o'z qulog'ing bilan eshitding. Xo'sh, oshnaginam, mening xulq-atvorim haqida nimalar deya olasan?