Kezargon boychechak

Anvar Obidjon

Kezargon boychechakQutlug‘ kecha

Shaylanuvlar oxiriga etdi-yu, qalam tebranishga tushib, ajabtovurdan-ajabtovur bu voqea, ko'hna rivoyatda qanday bashorat qilingan bo'lsa, xuddi o'shanday tarzda boshlandi... – Qaddingni ko'tar, Boychechak! Sovuqlarning qahrli basharasidan qo'rqma! – Sen har qanday izg'irinni engishga qodirsan. Kuchingga astoydil ishonsang bas. – Qo'zg'al, Boychechak, qo'zg'al! Boshiga og'ir kun tushgan Navro'zoyni birgina sen qutqara olasan, sen! Boychechak biri yomg'irlarnikidek pichirloq, biri epkinlarnikidek mayin, biri irmoqlarnikidek tortimli tovushlar qayoqdan kelayotganini bilolmay hayron edi. Balki, unib chiqishga intiq turgan o't-o'lanlarning tomirchalari er ostida g'imirlab, o'tinchli shivirlashayotgandir. Balki, daraxtlarning qoqshol shoxlari bulduruqdan qaqshagan yosh xivichlar qismatidan xavotirlanib, ezgin iltijo qilishayotgandir. Yo bo'lmasa, tezroq kapalakka aylanib, chechakdan chechakka sakrab o'ynoqlashni orzulayotgan urug'chalar qarag'ay po'stlog'i qatidagi g'umaklarning ichida turib, yalinib-yolvorishyaptimikan? Bu ovozlardan uyg'onib ketmaganida, Boychechak hali ham tinchgina tush ko'rib yotgan bo'larmidi. Juda shirin tush ko'rayotuvdi – oppoqdan-oppoq ko'ylak, yashildan-yashil nimcha kiyib, boshiga moviydan-moviy ro'mol o'ragan, vujudidan kamalakrang yalinlar sachrab turgan mislsiz bir Go'zallik unga quloch yoyib yaqinlashayotgan emish. Yaqinlashayotganmish-u, “Men Navro'zoyman, ismimni unutma. Taqdirimizga bizning birga bo'lishimiz bitilgan. Borliqni jonlantirib, barchaga rizq ulashish uchun biz bir-birimizni albatta topishimiz kerak”, deb uqtirar emish... Uvilloq tovush eshitilib, Boychechakning xayoli sochildi. Oldiniga, shamol yana ufurishni boshladi, deb o'yladi. Keyin ko'rib bilsa, terskay tomoni olachalpak qorli do'ngchaning ustida pahlavon bir it yulduzlari miltilloq oydan-da charog'onroq chaqnayotgan osmonga suqlanganicha ulib turibdi. Bu itning oti Oqbars bo'lib, tushunarsiz fe'l-atvori bilan chetdan juda qiziq ko'rinardi. Bir qarasang, tilini chapanicha sangillatib olib, bekordan-bekorga chopayotgan, jo'shqinlanib irg'ishlayotgan, ochilib-sochilib yumalanayotgan. Yana bir qarasang, tevarakka o'ychan tikilgan, ko'zlari ma'yus. Hozirgi turishda tug'yoni ichiga sig'mayotgan shoirga o'xshab ko'rinyapti – samoga yoniqib-yoniqib termilmoqda, toshiqib-toshiqib nola qilmoqda. Agar, dunyodagi mushuklarning eng sullasi sanalgan Mallamosh bezrayganicha kelib, har galgidek jig'iga tegishni boshlamaganida, shu turishda ertalabgacha turavergan bo'larmidi.

– Namuncha tomog'ing yirtilgudek uliysan, Oqbaris? – itning g'ashini qo'zitish uchunmi, uning otini buzib aytdi Mallamosh. – Bizga yana uyqi yo'g'akan-da, a? Vag'illoq tovushni eshitiboq, Oqbarsning birdan qovog'i uyilgan bo'lsa-da, tag'in bir muddat oydan ko'zini uzmay turdi. So'ng, mushukka noxush yuzlanib, jerkib berdi: – Hey, qanaqa hayvonsan o'zi? Qachon qarama, sal narsadan bahona topib, injiqlik qilganing-qilgan. – Uv-uvlab uxlatmaganingdan keyin, injiqlik qilaman-da, – ko'zini chaqchaytirdi Mallamosh. – Kunduzlariyam o'n marta uxlab, o'n marta uyg'onganing etmayaptimi? – deb jahllandi Oqbars. – Hech bo'lmasa, shu qutlug' kechada uxlamasang, tuking kamayib qolmas. Mushukning to'satdan chehrasi ochildi: – Qanaqa qutlug' kechani aytyapsan, mulla Oqbaris? Birov tekinga emish tarqatmoqchimi deyman? Bundan bexabar qolganimni qara-ya. Oqbarsning battar qovog'i solinib: “Kallang qursin seni, bu olamda ovqatdan boshqa narsalar ham borligini bilmasdan o'tib ketasan shekilli”, deb irilladi. Bugun qishning oxirgi kechasi edi. Odamlar bu kechani qadim-qadimdan Oytug'di deb kelishadi. Oytug'di onaning duosi tufayli kezargon bo'lib yaraladigan eng kechki, eng oxirgi Boychechak aynan shu tunda unib chiqadi. U boshqa sheriklaridan o'ta o'tkir, o'ta yoqimli is taratishi bilan ajralib turadi. Tomiri juda nozik bo'lgani uchun ozgina shabada tegsa ham tuproqdan ko'chib, u joydan bu joyga sakrab-sakrab uchishga tushadi, qarichma-qarich oldinga intilaveradi. Tushida ko'rgan sevgilisini izlab tinimsiz kezib yuraverishi bois, uni “kezargon Boychechak” deyishadi. Aytishlaricha, bu tun tugab, Oy o'z o'rnini Kunga bo'shatib berayotgan erta tong chog'ida Boychechak bilan Navro'zoy nihoyat bir-birini topadi. Sharqona yangi yil ana shu yangi kundan boshlanadi. Necha-necha o'lkalar ko'rkam liboslarda bezanib, ne-ne ellar bayram dasturxonini tuzashga tutinadi. Ko'klam faslining birinchi tongini esa, odamlar Kuntug'di deb atab kelishgan. Itdan bu gaplarni eshitib, mushukning hafsalasi pir bo'ldi: – Ikkita sho'ring qurg'ur bir-biri bilan uchrashsa uchrashibdi-da. Shuginani deb, o'pkangni chirmanda qilib turganingga o'laymi. – Navro'z bayrami nimaligini bilasanmi o'zing? – deb o'qraydi Oqbars. – He, qovoq! – O'zing qovoqsan! – ko'zi kosasidan sitilgudek bo'lib gap qaytardi Mallamosh. – Qovoq bo'lmaganingda, boshni behudaga qotirmasdan, jamiki esli-hushli jonivorlarga o'xshab, to'yib-to'yib uxlagan bo'larding, – so'ng so'zining ohangini bir oz yumshatdi. – Men senga aytsam, bu yorug' jahonda uyqudan mazaliroq narsa yo'q. Bir tasavvur qilgin-a, Oqbarisjon – iliqqina kecha, qorning to'q, atrof jimjit. Mening uxlashim manavi – pish-sh, pish-sh, pish-sh. Ha pish-sh, ha pish-sh. Sening uxlashing manavi – qiq-qiq xr-r, qiq-qiq xr-r, av-av! Qiq-qiq xr-r, qiq-qiq xr-r, av-av! Shunaqa rohatdan kechib, qayoqdagi Boychechak-moychechaklarni gapirib o'tiribsan-a. O'l-e! – Tug'ilganingdan beri shunaqasan, – afsusnamo bosh tebratdi Oqbars. – Hovlidagi kovakdan yarim kun ko'z uzmay sichqon poylaysan-u, kovakning yonginasidagi chechakka biror marta qarab qo'ymaysan. Hatto chechaklarning eng chiroylisi bo'lgan Boychechakni ham umringda ko'rmagansan. Agar ko'rganingda... Oqbarsning gapi chala qoldi. Do'ngchadan pastga tikilganicha, bir zum tarrakdek qotib turdi. Pichadan keyin o'ziga kelib: “Ana u! Qara, qara, ko'ryapsanmi? Bu o'sha – kezargon Boychechak!” – deya irg'ishlab yubordi. Mallamosh it ko'rsatgan yoqqa o'girilib, engil epkinda sapchib-sapchib uchib kelayotgan kulgichyuz chechakli giyohni ko'rdi. Turxatida biron-bir o'zgarish sezilmay, yana itga yuzlandi: – O'simlikshunos olim bo'lmasam ham bilaman, chechak degan er yutkur bir joyda o'sguvchi edi. Bu daydi nimaga shataloq otib yuribdi? – Boya aytuvdim-ku, darrov esingdan chiqdimi? Navro'zoyni qidirib ketyapti u. Oqbars do'ngchadan tushib, Boychechak sari yurdi. Yaqin borgach, qalbi to'lqinlanganidan nafas olishi tezlashib, chechakni avaylab hidladi, hushidan ketgudek bo'lib tebrandi. Tebranishi tiyilmasidan: “Bu senmisan? Kezargon Boychechaksan, a?” – deb so'radi. – Ha, Boychechakman! – Adashmasam, Navro'zoyni izlab ketyapsan. To'g'rimi? – To'g'ri, – qo'ng'iroqchanikidek jarangli sasda javob qildi Boychechak. – Bilaman, Navro'zoy ikki ko'zi to'rt bo'lib meni kutib turibdi. Shu payt shuv-v etgan ovoz taralib, etlarga igna bo'lib sanchiluvchi sovuq havo to'zg'idi. Yashil yaproqlarida gulini shoshib yopib olgan Boychechakning qarshisida ajdarsifat qora tutun paydo bo'ldi. Dumining uchi o'rim-o'rim sochlardek yoyilib hilpirar edi. – Kutib turibdi deb xomtama bo'lma! – deya guldiroqlanib so'zladi u. – O'sha Navro'zoying hozir birovni kutadigan ahvolda emas. Buni men – kuch-qudratda tengi yo'q Ayozzoda aytyapman! Oldilarida qartaygan Qishning toshbag'ir lashkarboshisi Ayozzoda turganini anglab etgan Oqbars, qanchalar dovyurak bo'lmasin, bir lahza esankirab qoldi. Biroq, sarosimaga tushmadi, Boychechakni o'z gavdasi bilan devordek to'sib, uni izg'irinning muzsanchar ignalaridan himoya qilishga tirishdi. Itning turishini ko'rib, Ayozzoda qah-qah ota boshladi. Kulgani sayin, sovuq battar kuchayib boraverdi, yalang'och butalardan tortib ulkan daraxtlarning tanasigacha chirsillab ketdi. Bunaqada suyaklari chatnab yorilishi mumkinligidan hayiqqan Mallamosh “Voy, miyov-ey” deb qo'yib, o'zini qoqmoch burganlar ichiga urdi.