Navro'zoyning notanish qallig'i

Anvar Obidjon

Navro'zoyning notanish qallig'iAyozzoda yolg'on so'zlamagandi. Navro'zoy shu topda chindan ham behushlik holatiga tushib qolgan, na atrofda nimalar bo'layotganini sezar, na biron-bir shovqin uni bezovta qila olardi. Navro'zoy ertalab ham tuppa-tuzuk edi. Ko'ksaroyni fayzga chulg'ab, kun bo'yi xushchaqchaqlanib yurdi. Ariqchadagi suvlar bilan quvlashmachoq o'ynadi, tubidagi toshchalarni olib, qizaloqlarga to'ptosh ulashishni istayotgandek, yumaloq-yumaloqlarini saraladi, omborchasiga kirib, o't-o'lanlar, dov-daraxtlarning tanasini, yaproqlarini, gullarini bo'yab chiqish uchun turfa xil ranglar tanladi. Kechki payt yana maydonchaga qaytib chiqib, xilma-xil o'yinchoqlar shaklidagi bulutlarning suzishini tomosha qila boshlagan mahalda, bobosi uning yoniga keldi. – Bayramga tikkan kiyimlaringni qachon kiyasan, qizim? – deb so'radi. – Qish bugun yarim kechadayoq senga taxtini bo'shatib berish tadorikiga kirishadi. Ertaga ilk saharda Bahorxonning timsoli bo'lib taxtga sen o'tirasan. Qolgan-qutgan qorlarni supurishga, erlarni yomg'ir bilan sug'orishga, tabiatni bo'yashga tushasan. Borliq seni katta shodiyona bilan qarshi oladi. Bobosining gaplarini eshitib, Navro'zoy entikib ketdi. Xonasiga kirib, oq ko'ylagini, yashil nimchasini, xirom maxsisini kiydi, moviy ro'molini o'radi, o'zini toshoynakka solib ko'rdi. Oldilaridan bir o'tib qo'ymasam bo'lmas deb, shu yasan-tusanda bobosining yoniga bordi, yangi kiyimlarini ko'z-ko'z qildi. – Hah ho'-o', judayam ochilib ketibsan-ku, qizginam, – deya nevarasiga ko'zi to'ymay tikildi Kuntug'di ota. – Seni shu turishda ko'rsa, Boychechakbek naq angrayib qoladi hali. Navro'zoy ingichka qoshlarini chimirib, bobosiga savol nazari bilan boqdi: – Boychechak? Kim u? – Qallig'ing-da, – bamaylixotir javob qildi Kuntug'di ota. – Voy, qanaqasiga qallig'im bo'larkan? – taajjublandi Navro'zoy. – Uni umrimda ko'rmaganman-ku, bobo. Kuntug'di ota o'shanday xotirjamlik bilan: “Hali ko'rasan, yoqtirib ham qolasan”, deya tasalli bera boshlagan edi, nevarasi: “Yoqtirib qolishimni qayoqdan bilasiz?” – deb battar hayratlandi. Bobo bu gal ham pinagini buzmadi: – Bilaman-da. Chunki, rivoyatda shunday deb yozilgan. Boychechak ikkovingning taqdiring bitta. Shunaqa ekan, bir narsa bahona bo'ladi-yu, sizlar uchrashasizlar. Ana o'shanda, Boychechak o'z-o'zidan ko'zingga issiq ko'rinib ketadi. Keyin undan ayrilging kelmay qoladi. – Yetti yot begonadan-a? – Ie, Oytug'di opamning nevarasi nega begona bo'larkan? Xonasiga qaytib borayotganida ham, borib, yana toshoynakning oldiga o'tirganida ham Navro'zoyning xayolida bir savol takrorlanaverdi: “Qanaqa ekan o'sha Boychechak?” Boychechak ko'z o'ngida turli qiyofalarda gavdalana boshladi. Shunisi qiziqki, barcha qiyofalar biri biridan yoqimtoy edi. Navro'zoy sochlariga oro berayotganida, xonaning torgina tuynugidan shovullab shamol kirgandek bo'ldi. Shamol o'zi bilan birga bolachoqalar uzoq-uzoqlarda kuylayotgan jo'shqindan-jo'shqin qo'shiqning sadosini ham olib kelgandi.

Boychechagim, Boychechak,

Atir xumli gulpechak.

Yashirib qo'ysin atrini,

Opqochmasdan O'rgimchak.

Boychechagim shaylansin,

Ko'chani kezib aylansin.

Kelinchaklar qand bersa,

Bag'riga kirib joylansin...

Elda Navro'zoy hali bilmagan bir udum bor – bolalar boylam-boylam boychechaklarni mistovoqqa terib, qo'shiq aytganlaricha, azali xonadondan tashqari, mahalladagi har bir uyga kirib chiqishadi. Ayollar mistovoqdan bir boylam gul olib, o'rniga turshak, yong'oq, qand-qurs tashlayveradilar. “Boychechakchi”lar topganini o'rtada taqsimlab eyishadi. Navro'zoyning bor ko'rgiliklari aynan shu palladan – sovuqqina shamol tuynukdan shuv-v etib kirib kelishidan boshlandi. U o'z tanasida g'alati bir junjukishni his etayotganida, ajdarsimon qora tutun paydo bo'lib, ko'mirrang ko'zlarini unga lo'qqaytirdi. Uchi to'ziq dumini tagiga yig'ib olgach: “Ha, jinqarchaxon, taxtga o'tirgilari kepqoldimi?” – deb guvrandi. Navro'zoy yuragini bosib olib, sipolik bilan dedi: – Eshitishimcha, Qish janoblari menga taxtni o'z ixtiyorlari bilan bo'shatayotgan emish. – Miyasi aynib qolgan o'sha qariya nimalarni o'ylashi menga bir pul! – deb g'o'daydi sumbati sovuq qora bulut. – Kallasi joyida bo'lsa, tayyor taxtdan voz kecharmidi? U taxtdan ketsa, bizga o'xshaganlar ham amalidan mahrum bo'ladi. Shaxsan men bunga yo'l qo'yib bo'pman. Oxirgi askarim qolguncha jang qilaman! Buni men – nayzaboz izg'irinlar lashkarboshisi Ayozzoda aytyapman! Bu po'pisalarning ostida ne maqsad yotganini tushunib etgan bo'lsa-da, tepadan uchib tushayotgan toshni orqaga qaytarishga urinishdan nima foyda, deb o'ylagan Navro'zoy Ayozzodaga ko'zini jovdiratib boqdi: – Azaldan belgilab qo'yilgan muddat bitganidan keyin, fasllar saroyida o'z-o'zidan o'zgarishlar bo'lib turishi barchaga ayon-ku. Shunday ekan, bu o'jarligingizdan qanday naf bor? Bo'lmasdan qolmaydigan ishga qarshi chora topish mumkinmi? Ayozzoda og'zining chetida tirjaydi: – Chora yo'qligini tan olish – lapashanglik. Iloji yo'q, tartib shunaqa deb o'tirmasdan, doim dangal harakat qilish kerak. Gapni tugatiboq, Ayozzoda o'sha dangal harakatni amalda ko'rsatishga kirishdi. Uning ko'zlari shishayotgan pufakdek olayib borgani sayin, sovuq ham zo'rayaverdi. Navro'zoy oldiniga titrashga tushdi, so'ng etlari bo'shashib, uyqu bosayotgandek tuyuldi, oxiri karaxtlangan tarzda turib qoldi. Faqat lablari damo-dam xiyol qimirlab qo'yar, kiprik qoqishlari o'ta sekinlashib ketgandi. Ishni bitirgan Ayozzoda mamnun kekanglab, ortga qaytdi. Ikki yondagi qator-qator xonalar oralab ketgan yo'lakdan tutundek sirg'alib o'tib, Ko'ksaroy maydonchasiga chiqib bordi. Chiqqan zahoti, Kuntug'di otaga duch keldi. Avvaliga, Kuntug'di otaning tafti uni bug'lantirib yuborishi mumkinligidan cho'chib, shuvillab ko'zdan yo'qolishga chog'landi-yu, bu chol balki yaxshilikcha bitim tuzishga rozi bo'lar degan o'y bilan uzoqroqda to'xtadi. Kuntug'di ota: “Buyoqda nima qilib yuribsan, muzbashara?” – deya hadiklanib so'ragan edi, Ayozzoda: “Bittasini akashak qilish zarur bo'pqoluvdi, shu ishni qildik”, deb burnini ko'tardi. Bundan Kuntug'di otaning bezovtaligi oshdi: – Agar nevaramga tekkan bo'lsang... – Boshqa kimgayam tegardim? – deb gapni ilib ketdi Ayozzoda. – Qo'rqmang, vaqtinchaga karaxt qipqo'ydim xolos. Navro'zoy ertaga taxtga o'tirolmasa, qarabsizki, mo'ysafid Qish ham o'z o'rnida, biz ham o'z amalimizdamiz. – Baribir niyatingga etolmaysan, qilvir, – qat'iy boqib so'zladi Kuntug'di ota. – Avliyolar ming yillar burun aytib qo'yishibdi, dushmanlar Navro'zoyni hushsizlantirsa, kezargon Boychechak ko'makka keladi deb. Mana ko'rasan, Boychechak albatta keladi. Navro'zoy uning isini seziboq, hushiga qaytadi. Ayozzoda qitmirona qiyaladi: – Boychechak kelolmasa-chi? Navro'zoyni karaxt qilishni uddalagan ekanmiz, o'sha kezargonni muzlatib tashlashgayam kuchimiz etar? Endi biron-bir kelishuvni taklif qilib qolar deb turgan Ayozzoda Kuntug'di ota avzoyi buzilganicha yaqinlashayotganini ko'rib, butkul erib ketmasidan oldin shuv-v etib g'oyib bo'ldi. Uning dumidan tutishga ulgurolmay qolgan Kuntug'di ota shoshganicha Ko'ksaroy ichkarisiga qarab yurdi. Nevarasining xonasiga kirib borgach, seskanib to'xtadi. Navro'zoy bir nuqtaga tikilgan kuyi sopol qo'g'irchoqdek qotib turardi.