Tentakvoy qanday qilib oyni qutqardi?

Efiopiya xalq ertagi

Bor ekan-u, yo'q ekan, bir qishloqda Tentakvoy yashar ekan. Bu qishloqning odamlari ham ancha sodda ekan. Bir kuni Tentakvoy suv olgani quduqqa boribdi. Bir zumda atrofga qorong'i cho'kibdi. Tentakvoy quduqqa qarasa, u yerda Oy turganmish.

-Sho'rimiz qurib qoldi, yordam beringlar! — deb qichqiribdi u. - Oymoma cho'kib ketyapti.

Qishloq odamlari yugurib kelishibdi. Ular tezda quduqdagi bor suvni chelaklab tortib olishmoqchi bo'lishib, ishga tushishibdi. Qancha urinishsa ham, Oymomani tuta olishmabdi. Bir payt arqonga nimadir ilinib qolibdi.

-Bu — Oymoma, boshqa narsa bo'lishi mumkin emas, — debdi Tentakvoy. — Qani, hammamiz bir tortaylik-chi!

Hamma bor kuchi bilan tortibdi, birdan arqon uzilib, ular chalqanchasiga yerga yiqilishibdi. Tepaga qarashsa, Oymoma osmonda turgan emish.

-Ura, qutqardik! — deb qichqiribdi Tentakvoy. — Oymoma osmonga chiqib olibdi. Oymoma bizga rahmat aytsin, biz harakat qilmaganimizda u bir umr suvdan chiqa olmasdi.