Ochko'z qushcha

Tay xalq ertagi

Biг zamonlarda jarangdor ovozli kichkina qushcha bo'lgan ekan.Uning nomi "Bu - meniki" ekan, chunki u har safar qir-adir va daryolardan uchib o'tayotib:

Bu - meniki, bu - meniki! - deya chirqillarkan.

Bir kuni qushcha osmonda uchib borayotib mevasi g'arq pishib yotgan bir  daraxtga ko'zi tushibdi. Daraxtning mevasi shunchalik ko'p ekanki, qushcha ularni bir yilda ham yeb bitira olmasligi aniq ekan. Buning ustiga, daraxtning yon-atrofida birorta ham qush zoti ko'rinmas ekan.

Qushcha o'zining bunday  topilmasidan behad xursand bo'lib, asta daraxt  shoxiga kelib qo'nibdi. U shoxdan-shoxga sakrab, mevalarni cho'qib yeya boshlabdi va tez orada qorni to'yib qolibdi. Biroq u bu daraxtni boshqa qushlar ham topib olib, uning mazali mevalarini yeb tugatishidan juda xavotirlanibdi.Qushcha qo'rquvga chiday olmay, ovozining boricha:

 - Bu - meniki, bu - meniki, bu - meniki! - deb chirqillabdi.

Qushcha shunchalik qattiq chirqillabdi-ki, uning ovozini tevarak -atrofdagi qushlarning hammasi eshitibdi. Ular biror hodisa yuz bermadimikin, degan xayolda zum o'tmay o'sha yerga uchib kelishibdi. Qushlar  bu yerda ajoyib, mazali mevalar g'arq pishib yotganini ko'rishibdi-yu, yopirilib o'zlarini mevalarga urishibdi. Birpasda hamma mevalarni cho'qilab yeb tugatishibdi va yana qaytib uchib ketishibdi.

Mittigina ochko'z qushcha ship-shiydam bo'lgan daraxt atrofida chir aylanganicha:

- Bu - meniki!  Bu - meniki! -  deb chirqillab qolaveribdi.

Aytishlaricha, mitti qushcha daraxt atrofida hozir ham aylanib uchib yurganmish.