O'tinchi yigit bilan sher

O‘zbek xalq ertagi

Bir yigit dalaga o'tin tergani chiqibdi. Bir daraxt yoniga kelib, shu daraxtni yiqitmoqchi bo'libdi. Shu payt uning yoniga bir sher kelib qolib:

Ey, odamzod, nimaga kelding, bu yerda nima ish qilasan? -  debdi.

U yigit:

Mana shu terakni qulataman, -  debdi.

Sher:

Men shunday kuchim bilan bu terakni qulata olmayman-ku, sen qanday qilib qulatasan? -  debdi.

Yigit:

Ey, jo'ra, men juda zo'rman, -  debdi.

Sher:

Sen zo'r bo'lsang, kel, ikkovimiz kurashib kuchimizni sinaymiz, -  debdi.

Yigit:

Mayli, kurashamiz, -  debdi. Ikkovi kurashmoqchi bo'lib turganda yigit:

Kuchimning yarmi uyda qolibdi, borib olib kelishim kerak, -  debdi.

Sher:

Ha, borib kel, bo'lmasa, yiqilsang, kuchim uyda qolgan edi, deb tan bermay yurarsan,  - debdi. Yigit kuchini olib kelmoqchi bo'lib ketib, bir joyda ko'rinmay berkinib turib, yana qaytib kelibdi. Sher:

Olib keldingmi? -  debdi.

Olib keldim, -  debdi yigit.

-  Unday bo'lsa, qani, kurashaylik, -  debdi sher. Yana ikkovi kurashmoqchi bo'lib turganda yigit:

- Ey, sher jo'ra, kuchimning tag'in pichasi uyda qolibdi. Olib kelay, -  deb ketib, yo'ldan qaytib kelib:

- Sen qochib ketma, -  debdi. Sher:

- Yo'q, men qochmayman, sherning gapi bir, -  debdi.

Yigit:

Yo'q, senga ishonmayman. Seni bog'lab ketaman, -  debdi.

Sher:

Bog'lay qol, — deb o'zini bog'latibdi. Yigit sherni mahkam bog'labdi. Toldan yaxshi bir tayoq qilib olib, gursillatib sherni ura boshlabdi.

Sherning: "Jon odamzod, meni urma, endi odamzodga yo'liqmayman",-  deb yalinganiga ham qaramay, uraveribdi. Shu payt bir yo'lbars kelib qolibdi. Yigit yo'lbarsdan qo'rqib, terak boshiga chiqib ketibdi. Yo'lbars sherning bog'lanib yotganini ko'rib:

Ey, sher, shuncha kuching bilan nimaga o'zingni odamzodga urdirasan? -  debdi.

Sher:

 

- Esing bo'lsa, odamzodga yo'liqma. Qoch bu yerdan, seni ham ushlab, bog'lab uradi, -  debdi.

Yo'lbars sherdan bu gapni eshitishi bilan orqasiga qaramay qochib ketibdi. Yigit terak ustidan tushib, sherni bo'shatib yuboribdi. Terakni qulatib, arralab uyiga olib borib, murod-maqsadiga yetibdi.